Seriya: TypeScript Basics Dars 64

Omit

TypeScript'dagi Omit utility type'i: mavjud type'dan keraksiz maydonlarni olib tashlab, yangi type yaratish, Pick bilan farqi va Update so'rovlaridagi real misol.

64-dars

Omit

TypeScript'dagi Omit ham xuddi Pick'ga o'xshaydi, lekin uning teskarisi ishlaydi.

Inglizcha "omit" so'zi "tashlab ketish", "olib tashlash" yoki "e'tiborsiz qoldirish" degan ma'noni anglatadi. Ya'ni, Pick obyektdan keraklilarini terib olsa, Omit obyekt ichidan keraksiz maydonlarni olib tashlab, qolganlari bilan yangi type hosil qiladi.

Oddiy qilib aytganda: Omit<SourceType, Keys>.

1. Oddiy misol

Tasavvur qiling, sizda yana o'sha User interface'i bor:

interface User {
  id: number;
  name: string;
  email: string;
  age: number;
  address: string;
}

Endi sizga ma'lumotlarni ro'yxatdan o'tkazish (yoki jo'natish) uchun id va address'dan boshqa hamma maydonlar kerak. Pick bilan ularning hammasini bittalab terib o'tirish o'rniga, Omit yordamida faqat keraksizlarini olib tashlab yuborasiz:

// User interface'idan 'id' va 'address'ni olib tashlaymiz
type UserWithoutIdAndAddress = Omit<User, "id" | "address">;

// Hosil bo'lgan yangi type quyidagicha ko'rinish oladi:
// type UserWithoutIdAndAddress = {
//   name: string;
//   email: string;
//   age: number;
// }

const user: UserWithoutIdAndAddress = {
  name: "Ali",
  email: "[email protected]",
  age: 25,
  // id yoki address yozmoqchi bo'lsangiz, TS xato beradi!
};

⚠️ Bitta farq: Pick'dan farqli o'laroq, Omit kalitlarni tekshirmaydi. Omit<User, "adress"> (imlo xatosi bilan) xato bermaydi — shunchaki hech narsa olib tashlanmaydi. Shuning uchun kalit nomlarini diqqat bilan yozing.

2. Pick va Omit'ning farqi qaysi holatda bilinadi?

  • Pick — obyektda maydonlar juda ko'p bo'lsa va ulardan faqat 2–3 tasi kerak bo'lganda qulay (keraklisini tanlab olasiz).
  • Omit — obyektda maydonlar juda ko'p bo'lsa va ulardan faqat 1–2 tasi (masalan, id yoki createdAt) kerak bo'lmasa qulay (ortiqchasini sug'urib tashlaysiz).

3. IT loyihalaridagi real misol (ma'lumotni yangilash — Update)

Ma'lumotlar bazasida obyektni yangilashda (Update) odatda id va yaratilgan vaqti (createdAt) o'zgarmas bo'ladi, qolgan hamma maydonlarni yangilash mumkin bo'ladi. Bunday paytda Omit juda qo'l keladi:

interface Product {
  id: number;
  title: string;
  price: number;
  createdAt: string;
}

// Product'ni yangilash (Update) uchun id va createdAt'dan boshqa ma'lumotlar talab qilinadi:
type UpdateProductDTO = Omit<Product, "id" | "createdAt">;

const updatedData: UpdateProductDTO = {
  title: "Yangi Telefon",
  price: 700,
};